Янгиликлар
Янгиликлар
2023-04-05
Bugun har qachongidan ham ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan mahallalarga eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik, kasanachilik, chorvachilik kabi uy sharoitidagi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning oʻzida kengaytirish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Prezident tomonidan “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bu kabi ishlarga yoʻl ochib berdi.
Yaʼni, viloyatda oʻtgan yili 4 ta, joriy yilda 13 ta mikromarkazlar tashkil etilishi belgilandi.
Bugungi kunda viloyatda Nurafshon, Olmaliq shaharlari hamda Chinoz, Parkent tumanlarida ana shunday 5 ta mikromarkaz foydalanishga topshirildi. Yil oxiriga qadar, Zangiota tumanida qoʻshimcha 20 ta mikromarkaz tashkil etilishi borasida amaliy ishlar boshlangan.
Mazkur markazlar uchun mahallalar yoki mahallalarning tutash hududlarida boʻsh turgan davlat mulki obyektlari yoki qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer maydonlari ajratilmoqda. Bir hududda bir nechta mikromarkazlardan iborat mikromarkazlar kompleksi tashkil qilinishi mumkin.
Hududda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha kamida 10 ta yoki chorvachilik yoʻnalishi boʻyicha kamida 3 ta ish oʻrnini yaratish va taʼminlab borish kerak boʻladi.
Yana bir muhim jihat: mikromarkazlar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 3 yil muddat davomida ularga nisbatan yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.
Eng avvalo, endilikda mahallaga sanoat kirib boradi. Tadbirkor ham, oddiy fuqaro ham manfaatdor boʻladigan tizim yaratiladi. Qolaversa, hududlardagi boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish orqali mahallalar infratuzilmasi yaxshilanadi.