Yangiliklar
Yangiliklar
2024-12-17
Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi. Shunga qaramay, mazkur illat davlatning ayrim sohalarida uchrayotganligi mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yo‘qotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, hokimiyatga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi, halokatli og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”, deya alohida ta’kidlaganlari uning naqadar xavfli illat ekanligini ko‘rsatadi. Korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda “halollik vaksinasi” bilan emlanishi kerakdir.
Bugungi kunda ayrim sohalarda faoliyat yuritayotgan ba’zi nopok xodimlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, kredit olishda, byudjet mablag‘larini taqsimlashda, ming afsuski, noqonuniy ishlarga aralashib qolayotganliklarini guvohi bo‘layapmiz. Xalqimiz “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi” deb bejiz aytmagan. Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat sirligicha qolmaydi, albatta oshkor bo‘ladi. Shuning uchun men sizlarni ogohlantirib o‘tmoqchiman, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir, buni har bir davlat xizmatchisi vujudi bilan his qilishi, ko‘z oldiga ota-onasi, farzandlari va aka-singillarini keltirishlari kerak.
Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirig‘i va manfaatlari bo‘yicha uning nomidan harakat qiluvchi insondir. Shuning uchun davlat xizmatchisi degan yuksak hamda sharafli nomga dog‘ tushirmaslik uchun eng avvalo halol bo‘lishimiz, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuyg‘usini to‘liq his etgan holda mehnat qilishimiz lozim bo‘ladi. Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz deb, bilaylik.
Faoliyatimizni qaytadan xolis tahlil qilib, mahalliy ijro hokimliklari oldiga qo‘yilgan ustivor vazifalarni shaxsiy manfaatimizdan ustun qo‘ygan holda sidqidildan bajarishga barcha kuch va salohiyatimizni safarbar etaylik. Davlat xizmatchisining eng avvalo yuragi, vijdoni va qo‘li toza, ko‘ngli ochiq, aql va zakovat sohibi bo‘lsa, u albatta el-yurt ishonchini, mehrini va e’tiborini qozona oladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan maqsadlar, shuningdek mahalliy ijro hokimliklari oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini so‘zsiz va og‘ishmay bajarilishini ta’minlaylik. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib boraylik!
Murojaatlar uchun ishonch raqami: 70-202-06-10